Jizzaxda ko’pkurash musobaqasi yakunlandi
9-11 noyabr’ kunlari Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo’linmalari terma jamoalari o’rtasida sportning “Harbiy ko’pkurash” turi bo’yicha musobaqa o’tkazildi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari terma jamoalari ishtirokidagi guruh bosqichiga Jizzax shahri mezbonlik qildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish, musobaqaning ahamiyati va maqsadi xususida to’xtaldi va ishtirokchilarga omad tiladi.
SHundan so’ng bellashuvlar boshlandi. Nizom asosida dastlab erkaklar o’rtasida turnikda tortilish, ayollar o’rtasida esa kuch ishlatiladigan mashqlar kompleksi bajarildi. Terma jamoalari a’zolari 4 nafardan bo’lib, bir nafardan 30 yoshgacha ayollar hamda erkaklar 3 ta yosh toifasida mahoratlarini namoyish etdilar.
Asosiy maqsad xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini, favqulodda holatlarda harakatlanish mahorati va malakasini oshirishga qaratilgan bellashuvning turnikka tortilish bahslarida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi terma jamoasi a’zolari faollik ko’rsatishdi.
Harbiy ko’pkurash musobaqasidan o’rin olgan 400 metrga yugurish estafetasida ham viloyatimiz sportchilari ilg’orlikni qo’ldan berishmadi. Xuddi shunday, erkaklar o’rtasidagi yosh toifalari bo’yicha 3 ming metrga yugurishda mahorat o’z so’zini aytdi. CHunonchi, 35 yoshgacha va 35 dan yuqori yosh toifalarida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi terma jamoa a’zolari finish chizig’iga birinchilardan bo’lib yetib kelishdi. O’q otish bellashuvlari ham qizg’in kechdi.
Aytish joiz, harbiy ko’pkurash musobaqasining birinchi bosqichi 4 ta guruhda, Jizzax viloyatidan tashqari Qoraqalpog’iston Respublikasi, Namangan va Toshkent viloyatlarida o’tkazildi. Guruhlar g’oliblari yakuniy bosqichda qatnashish imkoniyatiga ega bo’lishadi.
Jizzax shahrida o’tgan bellashuvda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi terma jamoasi birinchi, samarqandliklar ikkinchi va Sirdaryo viloyati terma jamoasi uchinchi o’rinni qo’lga kiritishdi.