11 Sentyabr 2021 yil 656

Jizzaxda onlayn sudlarni o'tkazishga oid o'quv-seminari o'tkazildi

Respublikamiz Prezidentining joriy yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorida ichki ishlar organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo’llash ko’rsatib o’tilgan. SHu ma’noda, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida profilaktika inspektorlari yurituvida bo’lgan ma’muriy ishlarni onlayn tarzda  ko’rib chiqish samaradorligini oshirishga bag’ishlangan o’quv-seminari tashkil etildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari mas’ullari, profilaktika inspektorlari, Jizzax viloyati sudi hamda jinoyat ishlari bo’yicha shahar va tumanlar sud’yalari ishtirokida videoselektor tarzida o’tgan o’quv-seminari avvalida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, Jizzax viloyati sudining raisi O’tkir Jumayev va boshqalar so’zga chiqib, viloyat ichki ishlar organlari tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo’llash jarayoni hamda ma’muriy ishlarni sudlarda onlayn ko’rib chiqish masalasida to’xtaldilar.

CHunonchi, viloyatdagi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining 165 tasidan 139 tasida, ya’ni 84 foizi internet tarmog’iga ulanib, ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni sudda onlayn ko’rish imkoniyati yaratilgan. Ayni maqsadda profilaktika inspektorlariga shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan 125 ta, respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan 30 ta komp’yuter jamlanmalari hamda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 136 ta veb-kamera ajratildi. YAna 26 ta tayanch punktini internetga ulash uchun optik tolali tarmoq tortish ishlari davom ettirilayapti. SHuningdek, ayrim tayanch punktlarida ta’mir ishlari amalga oshirilmoqda.

O’quv-seminar davomida sud majlislarini masofadan turib, mobil’ videokonferensaloqa shaklida o’tkazish borasida kamchiliklarga yo’l qo’yilayotgani bildirildi. SHuningdek, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish, ishga oid hujjatlarni jamlash, huquqbuzarlik harakatlarini kvalifikatsiyalash, tergovga qadar tekshiruvni o’tkazishda kuzatilgan nuqsonlar tilga olindi va bu kabi xatoliklar takrorlanmasligi uchun tavsiyalar bildirildi. YUritilayotgan hujjatlarni to’liq elektron shaklga o’tkazish masalasi ham ko’rib chiqildi.

Xullas, sudlar va ichki ishlar organlari hamkorligini kuchaytirish orqali qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini samarali himoyalash choralari belgilab olindi.

Tadbirda ishtirokchilar axborot-kommunikatsiya vositalarini amaliyotga qo’llash hamda qonunlar ijrosini ta’minlash bo’yicha o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. SHuningdek, xodimlarning bilim va tajribalarini oshirishga qaratilgan bu kabi o’quvlarni muntazam o’tkazishga kelishib olindi. YAkunda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimining huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati muhokama etildi.

Text to speech