Jizzaxda ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi
Jizzax viloyati IIBda “Dunyodagi geosiyosiy vaziyat va uning O’zbekistonga ta’siri” mavzusida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Viloyat IIB boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullayev boshqargan tadbirda mavzu yuzasidan JDPU falsafa, tarbiya va huquq ta’limi kafedrasi o’qituvchisi, falsafa doktori Abror To’rayev ma’ruza qildi. Notiq globallashuv jarayonlarining kuchayishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyatni keskin burilish pallasiga yetaklayotganini ta’kidladi. SHuningdek, mamlakatimizning ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar uning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo’layotgani, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida davlat organlarining xalq irodasini ifoda etib, inson manfaatlariga xizmat qilishida muhim omil bo’layotgani qayd etildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash xususida so’z yuritdi. Har bir xodim xizmat jarayonida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” konseptual g’oya asosida ish olib borishi lozimligi uqtirildi. SHu bilan birga Ichki ishlar vazirining buyrug’i bilan bir guruh xodimlar moddiy yordam hamda boshqarma boshlig’ining buyrug’i bilan bir necha soha vakillari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari viloyat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat olib borayotgan 30 yoshdan yuqori xodimlari o’rtasida sportning mini futbol turi bo’yicha o’tkazilgan bellashuvda g’oliblikni qo’lga kiritgan viloyat IIB jamoasiga kubok topshirildi.
Ma’rifatda jamoat tartibini saqlash, osoyishtalikni ta’minlash yo’lida xizmat qilayotgan soha xodimlariga fuqarolar tomonidan yo’llangan minnatdorchilik xatlari o’qib eshittirildi. Qonunchilikdagi yangilik va o’zgarishlar ma’lum qilinib, an’anaviy tarzda savol-javob o’tkazildi.