Jizzaxda “Smart mahalla” mobil axborot dasturi joriy qilinadi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida” farmoniga asosan Ichki ishlar vazirligiga “Smart mahalla” axborot tizimini yaratish vazifasi yuklatilgan edi. Farmon asosida Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Smart mahalla” axborot tizimi yaratilib, bugunga qadar Samarqand hamda Toshkent viloyatlarida ishga tushirildi.
Jizzax viloyatining sektor shtablari, mahalla idoralari, huquq-tartibot maskanlari va aholi demografiyasi haqidagi ma’lumotlar bazalari shakllantirilib, Jizzaxda ham foydalanish imkoniyati yuzaga keltirildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida mazkur “Smart mahalla” axborot dasturining taqdimoti o’tkazildi. Viloyatdagi barcha sektorlarning mas’ul kotiblari ishtirokidagi tadbirda mas’ullar tomonidan ishtirokchilarga dasturning ahamiyati, qulayliklari va funksiyalari to’liq tushuntirildi.
Mobil’ axborot tizimi doirasida fuqarolarga masofadan turib elektron xizmatlarni ko’rsatish nazarda tutilgan va aholi uchun mobil ilova hamda administratorlar uchun veb-platforma shaklida ishlab chiqilgan. Bu jarayonda fuqaro “Smart mahalla” mobil’ axborot tizimini smartfoniga yuklab o’z mahallasi kezimida ro’yxatdan o’tadi. Taqdimotda tizimdagi “Mening mahallam”, “Mening inspektorim”, shuningdek, davlat organlari va sektorga murojaat, yordam kabi 9 ta menyularidan foydalanish imkoniyatlari tushuntirildi. SHuningdek, yo’llangan murojaatni kuzatish, ko’rib chiqish natijasi bo’yicha profilaktika inspektorlari va sektor rahbari faoliyatiga baho berishi mumkinligi aytildi.
Qisqasi, “Smart mahalla” axborot dasturining vazifasi aholiga yengillik yaratish, ochiqlik siyosatini yuritish, fuqarolarning tegishli davlat organlariga murojaat qilishlaridagi jarayonlarni maksimal tarzda avtomatlashtirishga qaratilgan.
Tadbirda sektorlarda veb-platformada ishlash, ya’ni murojjatlarni ko’rib chiqish, javob berish va adminstratorlarning vazifalari to’liq tushuntirildi. Ishtirokchilar “Smart mahalla” mobil’ axborot tizimi bo’yicha mutaxassislardan savollariga javob oldilar. Qo’shimcha qulayliklar yaratish va yanada takomillashtirishga oid takliflar ilgari surildi.
“Smart mahalla” axborot dasturi joriy yil yakuniga qadar Respublikaning barcha hududlarida tatbiq etiladi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati