Jizzaxda sportning qo`l jangi turi bo`yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasi o`tkazildi
Jizzax shahridagi Kibersport majmuasida sportning qo`l janggi turi bo`yicha Ichki ishlar vaziri kubogi uchun musobaqa o`tkazildi. 3 kun davom etgan bellashuvda Ichki ishlar vazirligi tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo`linmalari xodimlari o`zlarining mahoratlarini namoyish etishdi.
O`zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog`lom turmush tarzini keng tatbiq
etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi
farmoni va 2022 yil 20 iyundagi “Qo`l janggi sport turini rivojlantirish
chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida tashkil etilgan sport tadbirida
erkaklar 57, 62, 67, 73, 80, 88, 97 va 97 kilogrammdan yuqori vazn, qizlar esa
58 kilogrammgacha va undan yuqori vazn toifalarida imkoniyatlarini namoyish
etishdi. Har bir bellashuv qizg`in kechdi va yakunda kuch, chaqqonlik va
mahorat o`z so`zini aytdi.
Qiziqarli va hayajonli
lahzalarga boy bo`lgan mazkur musobaqada har bir vazn toifasida g`oliblikni
qo`lga kiritgan sportchilar diplom, medal va qimmatbaho sovg`alar bilan
taqdirlanishdi. Shohsupadan joy egallagan sportchilarga sovg`alarni Jizzax
viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tantanali ravishda
topshirishdi.
Bellashuvda umumjamoa
hisobida birinchi o`rinni Farg`ona viloyati IIB terma jamoasi egallab, Ichki
ishlar vaziri kubogini qo`lga kiritgan bo`lsa, keyingi o`rinni Toshkent shahri
va uchinchi o`rinni Jizzax va Navoiy viloyati terma jamoalari band etishdi.
Tadbirda sportchilar orasidan “Eng yaxshi texnika ustasi” va “G`alabaga bo`lgan
intilishi” nominasiyalari g`oliblari hamda hakamlar tashkilotchilar tomonidan
munosib rag`batlantirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot
xizmati