10 Iyul 2025 yil 285

Jizzaxda tergovchilarning bilim va amaliy ko`nikmasi oshirildi

Jizzax viloyati prokuraturasi va viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamkorligida viloyat prokuraturasining mahkama, tuman va shahar hamda harbiy prokuratura, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat, shahar va tumanlar bo`limlari, viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi va uning hududiy bo`limlari tergovchilari ishtirokida o`quv-seminar o`tkazildi. Seminar avvalida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o`rinbosari Bahriddin Valiev voqea joyini ko`zdan kechirish, dalillarni mustahkamlashga qaratilgan tergov va prosessual harakatlar hamda amaliyotda yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar xususida to`xtaldi.

O`quv davomida huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Respublika Bosh prokuraturasi, viloyat prokuraturasi va viloyat ichki IIB mutasaddilari tomonidan ma’ruzalar tinglandi. Xususan, zamonaviy kiber tahdidlar va ularga qarshi kurashish, hodisa sodir bo`lgan joyni ko`zdan kechirishda zamonaviy texnika vositalari va raqamli kriminalistikaning hozirgi imkoniyatlari, poraxo`rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko`rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko`rishda alohida e’tibor qaratilishi lozim bo`lgan holatlar bo`yicha ishtirokchilarning bilimlari boyitildi.

Bundan tashqari energiya resurslarining talon-taroji bilan bog`liq jinoyat ishlarini tergov qilishning o`ziga xos xususiyatlari, yo`l-transport hodisalari bo`yicha tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o`tkazishning o`ziga xos xususiyatlari bo`yicha ham tushunchalar berildi.

Shu qatorda pora olish jinoyati bo`yicha tezkor tadbir o`tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, dron orqali jinoyatlarni aniqlash va ko`zdan kechirish bo`yicha tergov harakati amaliy tarzda ko`rsatib berildi. Shu kuni ishtirokchilar viloyat IIB ekspert kriminalistika markazining imkoniyatlari ham bilan tanishtirildi. O`z navbatida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Yakunida bir guruh tergovchilar rag`batlantirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech