28 Sentyabr 2021 yil 626

Jizzaxda o’tkazilgan sayyor qabulda 5 nafar shaxs O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qildi

Ichki ishlar organlarida fuqarolar tomonidan ko’tarilayotgan masalalarni manzilli hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. SHu maqsadda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari Jizzaxda sayyor qabul o’tkazdi.

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari Azizjon Mehmonovning sayyor qabulida fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasporti va identifikatsion ID karta rasmiylashtirish, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, tan olish, doimiy va vaqtincha ro’yxatdan o’tish kabi masalalar bo’yicha yordam so’rishdi. Qabulda har bir murojaat atroflicha o’rganilib, ularni hal etish choralari ko’rildi.

Qozog’iston Respublikasi fuqarosi Zarnigor Arabboyeva ayni damda Paxtakor tumanida istiqomat qilib, viloyatdagi oliy ta’lim muassasasi talabasi hisoblanadi. Uning O’zbekiston Respublikasida doimiy yashash guvohonasi olish uchun qilgan murojaati o’rganilib, hal etildi. Nilufar Komilova eski fuqarolik pasportini almashtirmagan. Bu o’z navbatida ishga joylashishida qator muammolar tug’dirganligi bois identifikatsion ID karta olish va ro’yxatga qo’yishga oid murojaati qanoatlantirildi.

Tadbir davomida 5 nafar shaxs O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganligi munosabati bilan ularga identifikatsion ID kartalar topshirildi. Bir necha yillardan buyon doimiy yashash guvohnomasi bilan hayot kechirayotgan fuqarolar endilikda konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish imkoniga ega bo’lishdi.

Tadbir so’nggida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda shahar va tuman bo’linmalari rahbarlari ishtirokida yig’ilish o’tkazdi. Tadbirda qonunchilik talablariga rioya etish, xizmat intizomini mustahkamlash, amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida ish yuritish lozimligi qayd etildi. SHuningdek, sayyor qabulda fuqarolar tomonidan bildirilgan va muddat talab etiladigan masalalar bo’yicha choralar belgilanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech