Joylarda sayyor qabullar
Jizzax viloyati IIB JXX probatsiya bo’limi tomonidan Zomin tumani IIB bilan hamkorlikda ochiqda jazo o’tayotgan shaxslar uchun sayyor qabul o’tkazildi. Muloqotda tuman ichki ishlar organlari probatsiya guruhi nazoratida jazo o’tayotgan shaxslar o’zlarini qiynayotgan masalalarini hal etishda ko’mak so’rashdi. Xususan, tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit olish, salomatligini tiklash, ishga joylashish, kasb-hunarga o’qitish, jazodan ozod qilish kabi masalalar mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirokida muhokama etilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Xuddi shunday, Forish tumanida o’tgan sayyor qabulda ham mahkumlar mavjud muammolarini bayon etishdi. Jarayonda yashash uyini ta’mirlash uchun kredit mablag’i ajratilishi, bandlik, tibbiyot, ta’lim kabi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish yuzasidan yo’l xaritasi ishlab chiqildi.
YAngiobod va Zarbdor tumanlarida o’tkazilgan sayyor qabullarda mahkumlar inson huquqlari, shartnomaviy-huquqiy munosabatlar va boshqa sohalar bo’yicha o’zlarini qiynayotgan muammolari bilan murojaat qilishdi. Murojaatlarga tegishliligi bo’yicha qonuniy yo’l-yo’riq ko’rsatilib, huquqiy maslahatlar berildi.
“Muammolarni birgalikda hal qilamiz” mavzusidagi tadbirlar davomida axloq tuzatish, muayyan huquqdan mahrum qilingan, ozodlikni cheklash jazolarini o’tayotgan shaxslarga kelgusida takror jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmaslik kerakligi tushuntirilmoqda.