1 Dekabr 2023 yil 2765

Zominlik yoshlar bilan uchrashuv

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov, viloyat hokimi o`rinbosari Akmal Savurboev, DXX viloyat boshqarmasi boshlig`i, polkovnik Olim Boboev hamda O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig`i, polkovnik Lochinbek Yaxshilikovlar zominlik yoshlar bilan uchrashishdi. Tumandagi 60- sonli o`rta umumta’lim maktabida o`tgan uchrashuv avvalida mehmonlar maktab qoshidagi “Kelajak kasblari markazi” faoliyati bilan tanishib, yosh avlodning kasb o`rganishi va iste’dodlarini namoyon qilishlari, bilim olishlari uchun yaratilgan qulayliklarni ko`zdan kechirishdi.

Tuman yoshlari, mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvda yurtimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor, ta’lim olishi, iste’dodini namoyon etishlari, hunar o`rganishlari uchun yaratilgan qulayliklar tilga olindi.

Bundan tashqari yoshlarning jamiyatda o`z o`rinlari topishlari, bo`sh vaqtlarini mazmunli maqsadga yo`naltirishlari lozimligi qayd etilib, tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash, bu boradagi imtiyoz va imkoniyatlar tushuntirildi. Muloqotda yoshlar o`zlarini qiynayotgan muammolarini ham hal etishda yordam so`rashdi. Xususan, qiziqishi va mutaxassisligi bo`yicha ishga joylashish, tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish, kredit ajratish, uskunalar olish kabi ko`tarilgan masalalarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.

Tadbir davomida joriy yilning o`tgan davrida hudud yoshlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar ham tahlil qilindi va kelgusida yoshlar ishtirokidagi jinoyatlarning oldini olish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko`lamini kengaytirish bo`yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Uchrashuvdan so`ng viloyat IIB boshlig`i tumanning qizil toifadagi Yuksalish mahallasida bo`lib, mahalla faolari va mutasaddilar bilan birga kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi  kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni muhokama qildi. Suhbat chog`ida ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, oila turmush doirasidagi qonunbuzarliklarga barham berish bo`yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.

Text to speech