Zukko kitobxonlarning bilimi sinaldi
YOshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasida viloyat IIB, shahar va tumanlar IIBlari hamda sohaviy xizmatlar, IIV Jizzax akademik litseyi jamoalari ishtirokida “Zukko kitobxon” intellektual o’yini uyushtirildi. Mazkur tadbir o’ziga xos ma’naviyat anjumaniga aylanib ketdi, desak xato bo’lmaydi. CHunonchi, bilimlar bellashuvi avvalida taniqli yozuvchi Nurali Qobil, siyosiy fanlar bo’yicha falsafa fanlari doktori Abulhasan Nuriymon Abdurahim, O’zbekiston yozuvchilari uyushmasi a’zosi Obiddin Mahmudov, O’zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova va boshqalar so’zga chiqib, mamlakatimizda ilm-fan, adabiyot, ta’lim, ma’naviyat, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr yuritdilar. SHuningdek, aholining mutolaa madaniyatini yuksaltirish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini chop etish, kitobxonlikni rag’batlantirish borasidagi ezgu ishlar tilga olindi.
SHundan so’ng “Zukko kitobxon” intellektual o’yinining shahar va tumanlar bosqichida g’oliblikni qo’lga kiritgan 14 ta jamoa vakillari bilim maydonida bellashdilar. Har qanday musobaqadagi kabi salohiyati kuchlilarga omad kulib boqdi. CHunonchi, 1- o’rin SHarof Rashidov tumani ichki ishlar bo’limining “Adolat” jamoasiga nasib etdi. Endi ushbu jamoa “Zukko kitobxon” intellektual o’yinining respublika bosqichida qatnashadi. YAkunda faxrli o’rinlarni qo’lga kiritganlar Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.